Navoiy shahrida ayrim avtobus yo‘nalishlarini qayta tiklash yuzasidan bildirilgan fikrlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-59-sonli qaroriga muvofiq, Navoiy viloyati markazida jamoat transporti tizimi optimallashtirilib, brutto-shartnoma asosida 5 ta shahar avtobus yo‘nalishlari tashkil etilgan hamda muntazam qatnov yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur yo‘nalishlar shahar hududini to‘liq qamrab olish, transport oqimlarini samarali taqsimlash va yo‘nalishlarning o‘zaro takrorlanishini cheklash tamoyillari asosida shakllantirilgan. Shu sababli avval amalda bo‘lgan ayrim yo‘nalishlarni to‘liq qayta tiklash maqsadga muvofiq emas.
Murojaatda keltirilgan hududlar o‘rtasida transport aloqasi amaldagi yo‘nalishlar orqali ta’minlangan. Jumladan, ShI-2-sonli “Navoiyazot” AJ – Sharq avtostansiyasi yo‘nalishi va ShI-1-sonli “Ko‘z kasalliklari shifoxonasi – Sputnik qo‘rg‘oni” yo‘nalishlari kesishuv nuqtalari orqali aholi manzillariga yetib borish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, Navoiy viloyati hokimining 2024 yil 22 iyundagi 171-5-0-Q/24-sonli qaroriga muvofiq, elektron to‘lov tizimi orqali bir soat ichida bir nechta avtobusdan foydalanishda imtiyozli tariflar joriy etilgan. Bu esa yo‘nalishlar o‘rtasida almashib harakatlanishni iqtisodiy jihatdan qulaylashtiradi.
Shu munosabat bilan, mavjud transport tarmog‘i aholi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli darajada shakllantirilgan bo‘lib, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.