Bugungi kunda aholining jamoat transporti qatnovlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, uning qamrovini kengaytirish bo‘yicha shaxsan davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan sohada katta o‘zgarishlar amalga oshirilyapti.
Yurtimiz jamoat transporti keyingi yillarda avvallari eng ko‘p tanqid qilinadigan sohadan qisqa vaqtda katta islohotlarga yuz burib, sezilarli yangilanishlar olib kirilgan tizimga aylandi.
Hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz tashuvlarni tashkil etish maqsadida joriy yilning o‘tgan yanvar – sentabr oylarida Respublika bo‘yicha jami 744 dona yangi avtobus hamda 344 dona mikroavtobus xarid qilindi. Yangidan 1 ta avtovokzal, 6 ta avtostansiya va 290 ta oraliq bekatlar barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Hududlarning markaziy shaharlarida jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilib, elektron to‘lov tizimidan foydalanish darajasi o‘rtacha 40 foizgacha yetkazildi.
Umuman, poytaxtimiz Toshkent shahri va hududlarda jamoat transport tizimi har jihatdan rivojlanayotgani uning aholi orasida ommalashishiga xizmat qilyapti. Sohadagi ijobiy o‘zgarishlar davomiyligini ta’minlash, hududlarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida Transport vazirligi Avtomobil va jamoat transporti departamenti tomonidan hududiy transport boshqarmalari rahbarlarining tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda sohadagi tizimli islohotlar ijobiy natijasi bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahrida sayyor seminar tashkil etildi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Toshkent shahri “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Shundan so‘ng, “Toshshahartransxizmat” AJning “8-avtobus saroyi” filialida avtobus va elektrobuslarning kundalik yo‘nalishlarga chiqarilishi, qatnovlar uzluksizligini ta’minlash, harakat tarkiblarining texnik va sanitar holatini nazorat qilish va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish borasidagi tajribasi o‘rganildi.
Kunning ikkinchi yarimda seminar ishtirokchilari Toshkent shahrida tirbandliklarni bartaraf maqsadida yo‘l-ko‘cha tarmoqlari va transport infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustavelli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari, zamonaviy yechimlar asosida avtobuslar harakati uchun ko‘cha markazida ajratilgan BRT tizimi faoliyati to‘g‘risida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olloyor Norbo‘tayev batafsil ma’lumot berdi.
Bu nafaqat poytaxtimiz Toshkent shahri balki butun respublikamiz uchun yangi konsepsiya bo‘lib, AQSh, Yevropa va Xitoyning ilg‘or tajribasi asosida ishlab chiqilgan. BRT tizimi avtobus harakatiga ustuvorlik beradi, transport oqimini tezlashtiradi va eng asosiysi xususiy avtomobillarga bog‘liqlikni kamaytiradi. Bu orqali shahar ekologik yuklamasi pasayadi, yo‘l xavfsizligi oshib, vaqt tejaladi. Mazkur ko‘chada BRT tizimining tashkil etilishi natijasida harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatgacha oshgan, kunlik o‘tkazuvchanlik esa sutkasiga 40 000 avtomobilgacha, yo‘lovchilar soni esa soatiga 2 500 kishidan 6 000 kishiga etgan.
Shundan so‘ng, Toshkent shahar transport boshqarmasida poytaxt va unga yondosh hududlarni qamrab oluvchi jamoat transporti yo‘nalishlarini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.